Bugun Doha shahrida 2025 yil 20-21 may kunlari Toshkentda “M360 Eurasia 2025” tadbirini o‘tkazish bo‘yicha uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.Marosimda O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, GSMA bosh direktori Mats Granrid, “Beeline Uzbekistan” direktorlar kengashi raisi va VEON Group bosh direktori Kaan Terzi o‘g‘li hamda bosh direktor Andrey Pyataxin ishtirok etdi.
GSMA tomonidan taqdim etilgan M360 loyihasi mintaqaviy mobil ekotizimni birlashtiradigan qator global tadbirlarni mujassam etadi. Anjuman ijobiy ishbilarmonlik muhitini yaratadigan, jamiyatni o‘zgartiradigan innovatsiyalarni kashf qilish, ishlab chiqish va taqdim etishga qaratilgan.
– “M360-Yevrosiyo” uchun mintaqamiz chorrahasi – Toshkent shahrida mobil ekotizimni qabul qilishdan mamnunmiz, – dedi vazirimiz “Dohanews” nashriga bergan intervyusida. – O‘zbekistonda nafaqat mamlakatimiz gullab-yashnashiga hissa qo‘shadigan, balki mintaqamiz taraqqiyotini tezlashtiradigan ulkan raqamlashtirish dasturi mavjud. Biz mobil tarmoqning ayni jarayonni amalga oshirishdagi ahamiyatini qadrlaymiz.
– “M360 Eurasia” ekotizim aloqa, raqamli xizmat va texnologiya yordamida qanday rivojlanishi mumkinligini o‘rganish uchun qulay mintaqaviy platforma, – dedi Kaan Terzi o‘g‘li. – Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘suvchan bozorida raqamli transformatsiyani amalga oshirish imkoniga ega guruh sifatida ushbu muhim anjuman Toshkentda muvaffaqiyat qozonishiga ishonamiz.
– Mazkur voqea Markaziy Osiyoda raqamli transformatsiyani ilgari surish borasidagi sa’y-harakatimizning muhim bosqichidir, – dedi Mats Granrid. –Ushbu sammit mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, obro‘sini mustahkamlash, ko‘proq kompaniya va sarmoyadorlarni jalb qilish, shuningdek biznes va iqtisodiyotni, ijtimoiy hayotni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA