Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida bilyard sport turi bo‘yicha jamoalar o‘rtasida jahon kubogi bahslari o‘tkazilmoqda. Dunyoning eng kuchli bilyard jamoalari qatorida yurtimiz vakillari ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

– Bugun, 20 oktyabr kuni Jamoliddin Qo‘chqorov va Nurbek Salomovdan iborat juftlik ilk saralashda Hindiston jamoasini 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Shundan keyin Rossiya-9 jamoasi bilan kuch sinashdi. 6:4 ko‘rinishida hamyurtlarimiz keyingi bosqich masalasini hal etib, 1/16 final bosqichiga yo‘l oldi, – deydi O‘zbekiston bilyard federatsiyasi raisi O‘tkir Komilov.

Jahon chempionatining 1/16 final bosqichida hamyurtlarimiz Turkmaniston vakillari bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli va o‘ziga xos kechgan o‘yinda terma jamoamiz a’zolari turkmanistonlik bilyardchilarni 7:6 hisobida dog‘da qoldirdi.

Ertaga, 21 noyabr kuni jahon chempionatining 1/8 final bosqichida hamyurtlarimiz Rossiya jamoasi bilan bahs olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA