Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yangi davr Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– Bu davr parlament va Hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha ibratli an’analar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr bo‘ladi. Kelajak avlodlar albatta faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning o‘z qo‘limizda, –  dedi Prezident.

Prezident keyingi uch kun mobaynida Oliy Majlis a’zolari, keng jamoatchilik bilan mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyoti haqida atroflicha fikr almashilganiga e’tibor qaratdi.

– 2024 yilda – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da bajargan ishlarimizga yakun yasadik. Parlamentimizda – “Xalq uyi”da deputatlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz. Siz, hurmatli deputatlar va Hukumatimiz a’zolari, kattayu kichik barcha rahbarlar mana shu Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda fidoyilik va namuna ko‘rsatib mehnat qilasizlar, deb ishonaman, – dedi Prezident so‘zining yakunida.

O‘zA