Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi davom etmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish bo‘yicha katta dasturlarni samarali va to‘liq amalga oshirish – hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalardir.

Eng avvalo, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur.

Xususan, 2025 yilda birlamchi bo‘g‘inda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash ko‘rsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.

Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tug‘ruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar bo‘yicha Hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozim.

O‘zA