Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi davom etmoqda.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va to‘liq quvvatlar bilan ishlashini ta’minlashi zarur.

Jumladan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.

Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish bo‘yicha barcha bosqichlar o‘z resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi.

Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA