Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida katta dasturlar amalga oshirilmoqda.
To‘rt yil avval 23 foiz aholimizning daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmas edi. O‘tgan davrda 3,5 million fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratilib, kambag‘allikni 11 foizga tushirishga erishildi. Kelgusi uch yilda uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida kelgusi yili byudjetdan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, yangi yildan 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar, 50 ga yaqin imtiyozlarni o‘zida mujassam etadigan yagona “Ijtimoiy karta” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Daromadi va sog‘lig‘ini yo‘qotib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Buning uchun “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi.
O‘zA