Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyada Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklatilgan.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu kengashlar 34 ming 400 ta qaror qabul qilganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu qanchalik muhim vazifa ekani yaqqol ayon bo‘ladi.
Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerakligi ta’kidlandi.
Senat qo‘mitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir. Har bir qo‘mita joylardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan o‘tgan besh yil davomida o‘rtacha 37 tadan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazgan.
Lekin nazorat tadbirlari kutilgan natija berayaptimi, ulardan keyin joylarda aniq bir muammo o‘z yechimini topayaptimi, degan savol senatorlarni o‘ylantirishi kerak.
Shu bois, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish vaqti kelgani ta’kidlandi.
O‘zA