Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
So‘nggi yillarda keng ko‘lamli demokratik islohotlar tufayli O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda.
Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi bo‘yicha 8, elektron hukumat bo‘yicha 18, iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 49, logistika va innovatsiya bo‘yicha 10 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
Bunday muhim yutuqlarni e’tirof etgan holda, ayni vaqtda bu yo‘nalishlarda hali yana ko‘p ish qilinishi zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston nufuzli xalqaro minbarlardan katta-katta tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ularning mazmun-mohiyatini xalqimizga, xorijiy va mahalliy ekspertlarga yetkazishda senatorlarimiz faol bo‘lishlari lozim. Ammo, afsuski, ularning bu boradagi roli yetarli darajada sezilmayotgani qayd etildi.
Yuqori palataning yangi tarkibi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashiga umid bildirildi.
O‘zA