Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda yuqori palataning avvalgi tarkibi munosib hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Ayniqsa, ayollar huquqlarini ishonchli ta’minlash, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik ko‘rsatdi.
Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitildi, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritildi.
Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetdi.
Senat Osiyo xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi. Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi, ya’ni yubiley anjumani kelgusi yili poytaxtimizda o‘tkazilishi ham alohida e’tiborga loyiq.
Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha ilk bor ijobiy amaliyot yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
O‘zA