Bugun O‘mon Sultonligi Shonli milliy bayramining 54 yilligini harbiy paradga raislik qiladigan Sulton Haysam bin Toriq boshchiligida Al-Sumud maydonida keng nishonlamoqda.

Butun mamlakat uchun muhim bo‘lgan bu kunda o‘monliklar Uyg‘onish davri yaratuvchisi, zamonaviy va ilg‘or davlat barpo etgan shaxs, marhum Sulton Qobus Bin Said Bin Taymurni yod etadi. U turli sohalarda rivojlangan zamonaviy davlatga asos solgan. Sulton Qobus bin Said 2020 yil 11 yanvarda vafot etdi. Shu kuni podshohlik oilasi kengashi marhum Sultonga hurmat va minnatdorlik ifodasi sifatida Sulton Haysam bin Toriq hazrati oliylarini tasdiqlash qarorini qabul qildi. Shu tariqa O‘monda hokimiyat almashinuvi hech qanday muammosiz, silliq kechdi. Shundan keyingi dastlabki o‘n oy ichida “O‘mon nigohi-2040” bilan hamqadam bo‘lish maqsadida davlat boshqaruvi tiizimi qayta shakllantirilib, turli sohalarni qat’iy iroda va tinimsiz qat’iyat bilan yangilashga kirishildi.

Sadoqatli O‘mon xalqi yangi rahbar bilan yangi marralarni zabt etish, turli jabhalarda salmoqli yutuqlarga erishishda davom etmoqda. Mamlakat bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lidan odimlashda davom etyapti.

Bu kun Qobus bin Saidning tavallud kuniga to‘g‘ri keladi. 1970 yil hokimiyat tepasiga kelgan Qobus sultonlikni tiklash jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Natijada zamonaviy davlat qurish bosqichi boshlandi. Hukumat iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, qarzni kamaytirish va yalpi ichki mahsulotni oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Joriy yil avgust oyi oxiriga kelib, davlat daromadi taxminan 8 milliard 106 million O‘mon riyolini tashkil etib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 183 million ko‘paydi. Yana qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha oldinga siljish kuzatildi: davlat “Heritage Foundation” Iqtisodiy erkinlik indeksida 39 pog‘ona ko‘tarilib, dunyoda 56-o‘ringa joylashdi, Tadbirkorlik indeksida 2022/2023 yillardagi natijadan 27 band ko‘tarildi, Atrof-muhit samaradorligi indeksida global miqyosda 50-o‘rinni egalladi. Ta’lim sohasida Sulton Qobus universiteti avvalgi hisobotdan 92 pog‘ona yuqorilab, 362-o‘rinni egalladi.

O‘mon Sultonligi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991 yil dekabrda tan olgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida 1992 yil 22 aprelda diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Ikki davlat aloqalari doimiy o‘sish xususiyati bilan ajralib turadi. Bu hamkorlik do‘stlik, o‘zaro ishonch tamoyiliga asoslangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA