Nukus shahridagi markaziy maydonda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirliklar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, harbiylar, yozuvchi-shoirlar, san’at arboblari, talaba-yoshlar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Mamlakatimiz bayrog‘i ezgulik, donishmandlik, poklik, sadoqat, go‘zallik, tinchlik, yangilanish kabi his-tuyg‘ularni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Shunday ekan, yurtimiz bayrog‘ini asrab-avaylash, uni ulug‘lash va balandlarga ko‘tarish har birimiz uchun ona Vatan oldidagi farzandlik burchdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz bayrog‘i ostida xalqimiz hayotida, insonlarning ma’naviy olamida katta o‘zgarish va yangilanishlar yuz bermoqda. Bugungi kunda farovon hayotimizni ta’minlash yo‘lida yurtimizning barcha hududlari qatori Qoraqalpog‘iston uchun ham chinakam yangilanishlar davri sifatida katta e’tibor qaratilayotgani buning yaqqol misolidir.

Tantanali tadbir san’at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA