Hindistonning Kalkutta shahrida shaxmat bo‘yicha “Tata Steel Chess India” turniri yakunlandi.
Oltinchi bor o‘tkazilgan nufuzli musobaqaning rapid bahslarida 4-o‘rinni egallagan Nodirbek Abdusattorov blits musobaqasida 8 ochko bilan 7-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 41 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning blits bahslarida jahon reytingi peshqadami Magnus Karlsen muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Rapid bahslarida ham chempionlikka erishgan Karlsen blitsda 18 imkoniyatdan 13 ochko to‘plab, g‘olibga aylandi.
Aytish lozimki, blits musobaqalarining so‘nggi 16-turida Magnus bilan kuch sinashgan Abdusattorov durangga erishdi.
“Tata Steel Chess India” turnirining blits musobaqasida amerikalik Uesli So 11,5 ochko bilan 2-o‘rinni, hindistonlik Arjun Eragisi 10,5 ochko bilan 3-o‘rindan joy oldi.
Musobaqa yakunida Magnus Karlsen g‘olib sifatida 7 ming 500 AQSH dollari bilan taqdirlangan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov 7-o‘rin uchun belgilangan 250 AQSH dollariga ega chiqdi.
Blits bahslarining so‘nggi kunida hamyurtimiz hindistonlik Pragnanandxa, Narayanan va Vidit Gujrathini mag‘lub etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA