Portugaliyada Xalqaro voleybol federatsiyasining (FIVB) navbatdagi 39-Kongressi davomida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi delegatsiyasi vakillari bir qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.
Kongressda ishtirok etgan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev yetakchiligidagi yurtimiz voleybol mutaxassislari chet ellik hamkasblari bilan voleybol sport turini ommalashtirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash, klublar o‘rtasida musobaqalarning texnik masalalari, mutaxassis va trenerlarning tajribasini oshirish kabi bir qator mavzular xususida fikrlashdi.
Kongressda 12 yil davomida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar, keyingi yilgi chempionatlar, xalqaro turnirlar tahlil etildi. Yil yakunlari sarhisob qilindi.
Kongress o‘z ishini davom ettirmoqda. Rejaga binoan keyingi kungi yig‘ilishlarda FIVB prezidentligi va ijroiya kengash a’zolarini saylash, shuningdek, gender tenglik bo‘yicha vakillarni aniqlash masalalari ko‘rib chiqiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA