Kecha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan boks bo‘yicha ochiq birinchilik musobaqalari boshlandi.
Musobaqaning ochilish marosimida mutasaddilar davlat ramzlari orasida bayroqning alohida o‘rni borligi xususida to‘xtalib, xalqaro maydonda g‘olib sportchilarimiz sharafiga yuksalayotgan hur bayrog‘imiz faxr-iftixor tuyg‘usini baxsh etishini ta’kidlashdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, terma jamoa katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov birinchilik ishtirokchilari, ularning murabbiylari bilan muloqot o‘tkazib, davlat ramzlarining xalqaro sport musobaqalarida tutgan o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘z navbatida birinchilik ishtirokchilariga omad tiladi. Kelgusida chempion bo‘lib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishlariga tilakdoshligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirda yosh bokschilar 13 ta vaznda jang olib bormoqda. Musobaqada 100 nafarga yaqin bokschilar ishtirok etmoqda. Birinchilik 18 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA