Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (OTIHT) iqtisodiyot vazirlari qo‘shma yig‘ilishida Tailand, Indoneziya va Malayziya ham BRIKS hamkorlari safidan o‘rin olganini ma’lum qildi. Bu xabar RF TIV saytida e’lon qilingan.

– Qozonda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti ko‘pchilikning adolatli dunyo tartibini o‘rnatish, global institutlarni isloh qilish va teng iqtisodiy aloqalar o‘rnatish istagini namoyish etdi, – degan u. – Savdo, sarmoya, sun’iy intellekt, energetika va iqlim, logistika sohalarida samarali kelishuvlarga erishildi. Endi OTIHT davlatlari – Indoneziya, Malayziya, Tailand ham assotsiatsiya hamkorlaridir.

Mulozim tahliliga ko‘ra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining Rossiya tashqi savdosidagi ulushi allaqachon 70 foizga yetgan.

– Hisob-kitobning, deyarli, 90 foizi milliy valyutada amalga oshiriladi, – deya qo‘shimcha qilgan Pankin o‘z ma’ruzasida. – Energiya xavfsizligi zamonaviy taraqqiyot garovidir. Biz mintaqani energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlaymiz.