Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.
Markaziy saylov komissiyasining faoliyati sezilarli kuchaygani, professional saylov organlari tashkil etilgani saylovlarning haqqoniy ruhda o‘tishida muhim rol o‘ynagani qayd etildi.
Prezidentimiz saylovlar qonunchilik talablari va xalqaro standartlarga to‘la mos holda o‘tishini ta’minlagan barcha darajadagi saylov komissiyalari, xususan, Markaziy saylov komissiyasiga alohida rahmat aytdi.
Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi.
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Tariximizda ilk bor nogironligi bo‘lgan fuqaromiz Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu – parlamentimizni tom ma’noda inklyuziv organga aylantirish, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘lgani e’tirof etildi.
Yangi tarkibda 63 nafar deputat qayta saylangani esa parlament ishida uzviylik va professionalizmni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zA