2003 yil 15 noyabr – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Ta’sis S’ezdi bo‘lib, unda partiya Dasturi va Ustavi tasdiqlandi. Bugun partiya tashkil topganiga 21 yil to‘ldi.

O‘tgan vaqt davomida mazkur siyosiy kuch fuqarolar ishonchini qozonish bilan bir qatorda siyosiy maydonda ham, jamiyatda ham o‘zining mustahkam o‘rnini egallab ulgurdi. Dastlab partiya tadbirkorlar va fermerlarni qamrab olgan bo‘lsa, bugunga kelib fuqarolarning barcha qatlamlari o‘z xohishi va tashabbuslari bilan partiya safini kengaytirmoqda. O‘zLiDeP O‘zbekistondagi eng yosh partiya bo‘lishiga qaramay, 1 million 600 ming a’zolarni o‘z safida jamlagan.

O‘zLiDeP uchun tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar manfaatlari doimo ustuvor bo‘lib qolishi bilan birga, bugungi kunda “Erkin, farovon, Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” shiori ostida mamlakat ravnaqi hamda aholining boshqa qatlamlarini ham o‘yga solayotgan masalalarni ilgari surayotgani e’tiborga molik.

2024 yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi munosib ishtirok etib, parlament quyi palatasidan 64 ta deputatlik o‘rnini egallagan holda yetakchilikni qo‘ldan boy bermadi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda ham O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi eng ko‘p o‘rinlarni – 1 ming 876 ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi.

O‘zLiDeP 21 yillik faoliyati davomida mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida ilg‘or g‘oya va tashabbuslari bilan xalq ichiga kirib bormoqda. Partiya o‘zining yangi saylovoldi dasturida belgilab olgan maqsad-vazifalari orqali yurtimiz rivojiga, aholi farovonligiga ko‘maklashishda faollik bilan harakat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA