“Tata Steel Chess India” turniri rapid bahslarining 6 ta turi ortda qolgan vaziyatda sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen 5 ochko bilan peshqadamga aylangan bo‘lsa, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 4,5 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.

Hindistonning Kalkutta shahrida o‘tayotgan mazkur nufuzli musobaqaning kecha o‘tgan 4, 5 va 6-tur o‘yinlarida hamyurtimiz hindistonlik shaxmatchilar bilan kuch sinashdi.

Nodirbek 4-turda qora donalarda Nihal Sarin va 5-turda oq donalarda Vidit Gujrati bilan durangga erishdi. 6-turda esa qora donalarda harakatlanishiga qaramasdan Sunildat Narayananni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Magnus Karlsen esa kechagi bahslarda tajribali grossmeysterlar Sunildat Narayanan, amerikalik Uesli So va hindistonlik Ardjun Erigaisini mag‘lub etdi va peshqadamga aylanib oldi.

Bugun, 15 noyabr kuni turnirning 7, 8 va 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Nodirbek Abdusattorov mukofot jamg‘armasi 41 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning 7-turida amerikalik Uesli So, 8-turda FIDE reytingida 4-o‘rinda borayotgan Arjun Ergaisiga va nihoyat hal qiluvchi 9-turda Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keladi. Magnus Karlsen esa 7-turda germaniyalik Vinsent Kaymer, 8-turda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan rossiyalik Danil Dubov bilan bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, “Tata Steel Chess India” turnirining rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 10 ming, 2-o‘rin sohibi 6 ming, 3-o‘rin 3 ming, 4-o‘rin 2 ming, 5-o‘rin 1 ming 500, 6-o‘rin 1 ming va 7-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 500 AQSH dollariga ega chiqadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA