Bugun Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuasida “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” shiori ostida Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek.Uz-2024” o‘z ishini boshladi.

Haftalikning rasmiy ochilish marosimida hukumat a’zolari, agentlik, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilm-fan doira vakillari, professor-olimlar, innovatsion g‘oya yetakchilari hamda yosh ixtirochi-olimlar ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong va boshqalar haftalik xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, erishilgan yutuqlar va galdagi vazifalar yuzasidan fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Aytish joizki, ushbu nufuzli tadbir Prezidentimizning 2018 yil 27 apreldagi “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan an’anaviy tarzda tashkil etilmoqda. O‘tgan yillar davomida bu borada orttirilgan tajriba tufayli haftalik Markaziy Osiyoda ilg‘or innovatsiyalarni namoyish qilish va global hamkorlikni rivojlantirish uchun eng yirik platformaga aylanib ulgurdi.

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu “InnoWeek.Uz-2024” haftaligi bu yil “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” shiori ostida o‘tkazilyapti. Uning asosiy maqsadi tadqiqotchilar, biznes va sarmoyadorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarni amaliy hayotga joriy etishga keng yo‘l ochishdir.

Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong xonim boshchiligidagi delegatsiya haftalikda ilk bor qatnashmoqda. Uning fikricha, ushbu tadbir o‘zaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

– Avvalo, mazkur haftalikda ishtirok etishdan mamnunman. Tailand delegatsiyasi bu tadbirda ilk bor qatnashmoqda va biz uchun katta sharafdir. Innovatsiyalar, ilm-fan va texnika rivojlanishi, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni jamiyat hayotiga tatbiq etish bizning asosiy vazifalarimizdan biridir. Ushbu haftalik davomida texnologik yangiliklar va tadbirkorlik sohasidagi hamkorliklarni yanada mustahkamlashga qaratilgan dasturlar muhokama qilinadi. Bunday muloqot va hamkorliklar nafaqat mamlakatlarimiz taraqqiyotiga, balki global miqyosda innovatsiyalar rivojiga ham ulkan hissa qo‘shishiga ishonamiz, – dedi Viparat Deong xonim.

Haftalik doirasida tashkil etilgan xalqaro innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasida 512 ta mahalliy va 34 ta xorijiy tashkilot o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, uch kun davomida 22 ta xalqaro forum, konferensiya va seminar hamda 2 ta mahalliy tadbir o‘tkaziladi. Ahamiyatli jihati shundaki, haftalikda 30 ga yaqin davlatdan 150 nafardan ortiq xalqaro mehmon ishtirok etmoqda. Ular orasida Xitoy, Germaniya, Hindiston, Eron va Koreya kabi yetakchi davlatlarning ilmiy markazlari, startaplar va biznes vakillari ham bor. Bu esa tadbirning mazmunli va muloqotlarga boy o‘tishi hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Doktor Xayrulla” oilaviy ko‘z klinikasi direktori Dilnoza Sheyxova haftalikda 50 ming dollarlik grant sertifikati bilan taqdirlanishini qayd etdi.

– Bugungi haftalikda ishtirok etishdan mamnunman. Biz o‘z loyihamizni taqdim etgan edik. Bu g‘oyamiz ekspertlar tomonidan ijobiy baholanib, 50 ming dollarlik grantga ega bo‘ldik. Haftalik davomida sertifikatlar topshirish marosimi o‘tkaziladi va g‘oliblar taqdirlanadi. Biz xizmat ko‘rsatadigan hududda 300 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. “Doktor Xayrulla” oilaviy klinikasi orqali mahalliy aholiga oftalmologik xizmatlar ko‘rsatishni maqsad qilganmiz. Ushbu haftalik bizga loyihamizni rivojlantirish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, – dedi D.Sheyxova.

Nasiba Ziyodullayeva, Nosirjon Haydarov, O‘zA muxbirlari