«Yil imomi – 2024» ko‘rik-tanlovida mamlakatimizdagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtiroki etdi.
Tanlovning yakuniy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Musobaqa ishtirokchilari Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob berdi. Shuningdek, mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVlarida e’lon qilingan ijodlarini namoyish etdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin Namangan viloyati «Homiddin qori» jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir domla Nasriddinovga nasib qildi. 2-o‘ringa Toshkent shahridagi «Firdavs» jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorov va 3-o‘ringa Toshkent viloyati «Chanoq» jome masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbayev munosib ko‘rildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA