AQSHda o‘tgan yil Pentagon tarixidagi eng muhim maxfiy hujjatlardan birini oshkor qilgan Milliy gvardiya  sobiq xodimi Jek Teysheyra 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.22 yoshli Jek mart oyida milliy mudofaa ma’lumotini o‘zida saqlagani va uzatganini tan oldi.

Massachusets shtatidagi Milliy havo gvardiyasi 102-razvedka qanotida ishlaganda, maxfiy materiallar, jumladan xarita, sun’iy yo‘ldosh tasviri va AQSH ittifoqchilari haqidagi razvedka ma’lumotini ko‘rish huquqiga ega bo‘lganda u muayyan hujjatlarni “Discord” onlayn platformasiga joylashtirgan.

Yopiq guruh a’zolari bilan baham ko‘rilgan hujjatlar orasida Ukraina urushi haqidagi maxfiy ma’lumotlar ham bor edi.
Prokurorlar aybdorni 16,5 yil ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Advokatlar esa bu muddatni 11 yilga tushirishni talab qilishgan va bunga sud hujjatlarida keltirilganidek, u maktabda va keyinroq harbiy xizmat chog‘ida haqoratlanganini asos sifatida ko‘rsatishgan.

Prokurorlar sudlanuvchi mamlakat tarixida josuslik to‘g‘risidagi qonunning eng muhim va jiddiy bandlarini buzgan, deya uzoqroq jazo muddati belgilashdi.
“Teysheyra o‘z mamlakati uchun xavfni tushungan va lekin, baribir, bu ishni qildi”, degan ayblovchilar sudda.

“Sudlanuvchi uzr so‘rab, barcha mas’uliyat va oqibat faqat o‘zining zimmasida ekanini aytdi”, deb yozdi Boston sud zalidan jurnalistlar.

Hibsga olinganda 21 yosh bo‘lgan Jek “Discord” platformasida kichik yopiq guruhni boshqargan va shu manba orqali 2022 yil oxirida maxfiy fayllarni joylashtira boshlagan. Keyinchalik ma’lumotlar internetda tarqalib ketdi.

Teysheyra 2019 yil Massachusets milliy gvardiyasi xizmatiga qabul qilingan. Lavozimiga ko‘ra, u o‘ta maxfiy imkoniyatlarga ega edi.