O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga amaliy tashrifining nihoyatda mazmunli dasturi yakuniga yetdi.

Kecha, 12 noyabr kuni davlatimiz rahbari BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasidagi Jahon yetakchilari sammiti yalpi majlisida nutq so‘zlab, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Sammit doirasida O‘zbekiston yetakchisi Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, ICESCO bosh direktori Salim al-Malik, Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif dasturining ikkinchi kuni, 13 noyabrda Prezidentimiz O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi uch tomonlama bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, uning yakunida davlat rahbarlari qo‘shma fabrikani ishga tushirdilar.

BMT iqlim sammiti doirasida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala va Global ekologik fond bosh direktori Karlos Rodriges bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Prezidentimiz O‘zbekistonning COP29dagi Milliy pavilonini ham ko‘zdan kechirdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Prezidentimiz va rafiqasini Ozarbayjon adliya vaziri Farid Ahmedov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.