Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining erkin yo‘nalishida mamlakatimiz sportchilari umumjamoada 1-o‘rinni egalladi. 30 dan ortiq davlatning mahoratli kurashchilari ishtirok etayotgan jahon chempionatining ilk kunida belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishida ishtirok etgan O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yurtimiz belbog‘li kurashchilaridan Jamoliddin Ne’matullayev, Farangiz Abdunabiyeva, Manzuraoy Mo‘ydinova, Dilafro‘z Mamajonova oltin, Oybek Sultonov va Jahongir Hayitov kumush, Nusrat Sultonboyev va Lazzat To‘laberganova bronza medallariga ega chiqishi natijasida terma jamoamiz umumjamoada 1-o‘rindan joy egalladi.
Bugun, 12 noyabr musobaqaning ikkinchi kunida kattalar o‘rtasida belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida 8 ta medallar jamlanmasi uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Chempionat nizomiga muvofiq, ertaga yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalar boshlanadi. Jahon chempionati 16 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA