Birlashgan Millatlar Tashkiloti qochqinlar bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Kelli Klemens aytishicha, 2024 yil boshidan avgust oyigacha 400 mingga yaqin ukrainalik urush va portlashdan boshpana izlab, Yevropaga qochib o‘tgan. Uning BMTning Jenevadagi idorasida o‘tkazgan haftalik matbuot anjumanida ta’kidlashicha, urush davom etishi va qahraton qish boshlanishi Rossiya – Ukraina gumanitar vaziyatini yanada og‘irlashtirmoqda.

– Ukraina energetika infratuzilmasi vayron qilingani so‘nggi oylarda umumiy quvvat qariyb 65 foiz kamayishiga olib keldi, – dedi Klemens. – Elektr, issiqlik va suv ta’minoti to‘xtagan, hujumlar davom etyapti. Avgust oyidan beri mamlakat sharqidagi 170 mingga yaqin odam uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi urush hududidan evakuatsiya qilindi. Ukraina ichida 4 millionga yaqin odam uy-joyini tark etdi, 6,7 million kishi chet elga qochdi. Shuningdek, juda ko‘p bolalar ijtimoiy muloqotdan, muntazam maktab faoliyatidan mahrum bo‘lgan holda, o‘qishni onlayn davom ettirmoqda.

Klemens qo‘shimcha qilishicha, Xarkov kabi mintaqalarda bolalar tabiiy yorug‘lik va o‘yin maydonchasi yo‘q bombadan panagohlarda o‘qishga majbur.