Xalqaro elektrotexnika komissiyasining (IEC) tegishli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston IECning 4 ta texnik qo‘mitasiga doimiy a’zo bo‘ldi.

Endilikda «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga a’zo milliy texnik qo‘mita vakillari IECning TS 14-kuchlanish transformatori, TS 20-elektr kabellar, TS 61-maishiy texnika, TS 82-quyosh fotovoltayk energiya tizimi texnik qo‘mitalarida xalqaro standartlarni bevosita ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlarida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23–25 oktyabr kunlari Shotlandiyaning Edinburg shahrida Xalqaro elektrotexnika komissiyasining (IEC) 88-Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Tadbir doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va IEC o‘rtasida O‘zbekistonni IECning 4 ta texnik qo‘mitasiga doimiy a’zo (P-Member) qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan edi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda TS 14 texnik qo‘mitasi tomonidan 6 ta, TS 20 texnik qo‘mitasi tomonidan 13 ta, TS 61 texnik qo‘mitasi tomonidan 48 ta, TS 82 texnik qo‘mitasi tomonidan 72 ta xalqaro standart loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.

M.HOJIAKBAROVA, O‘zA