Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada vazirliklar, idora va korxonalarning, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining axborot tinglandi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oqsoqollar kengashi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Oqsoqollar kengashining majlisi o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga 57-sonli “Berdaq” saylov okrugidan deputat Orinbayev Amanbay Tleubayevichning nomzodi taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kelishuvi bilan sessiyada yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputat Orinbayev Amanbay Tleubayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi etib saylandi.

Sessiyada fraksiyalar a’zolari so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarda A.Orinbayevning o‘rni salmoqli ekanligi alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kelishuvi bilan Ermanov Farhod Urazbayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi etib tayinlandi.

Sessiyada “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosarini saylash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi. 47-sonli “Sanoat” saylov okrugidan deputat Saparbayev Rustam Tursinbayevich yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari etib saylandi.  Bu borada tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalarining tarkibi va raislarini saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoybergenov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.