Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan muhim o‘zgarishlardan biri – ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolati aniqlashtirilganidir. Jumladan, unda Vazirlar Mahkamasiga tegishli ayrim o‘zgarish va qo‘shimchalar aks ettirildi.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. 2024 yil 26 oktyabrda kuchga kirgan mazkur qonun haqida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat boshqaruvi organlarining majburiyat va vakolatlari aniq belgilab berilgani siyosiy tizimni yanada rivojlantirish va davlat tuzilmasini mustahkamlashga ta’sir ko‘rsatdi. Bu o‘zgarishlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va hokimiyatning turli bo‘g‘inlari o‘rtasidagi munosabatlar izchilligini ta’minlashga qaratilgan.

Yangi qonun Vazirlar Mahkamasi faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Qonun 10 bob va 55 moddadan iborat bo‘lib, unda Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot, byudjet, moliya, soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi, uning maqomi, uni shakllantirish va faoliyatini tartibga solish masalalari bevosita Konstitutsiyada belgilangan normalarga asoslanadi hamda mazkur qonunning asosiy qoidalari ushbu normalardan kelib chiqqan.

Ushbu qonunning konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilingani Hukumatning hokimiyatlar tizimidagi maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun bir qator yangi normalarni o‘z ichiga olgan. Endilikda Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini Prezident tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshiradi.

Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etadi.

Yangi Konstitutsiyadan kelib chiqib, Hukumatning iqtisodiyot, byudjet, moliya va soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari kengaytirildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlash, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish choralarini ko‘radi.

Shu bilan birga, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, respublikaga qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Bosh vazir o‘rinbosarlarining vazifalari kengaytirildi. Xususan, bosh vazir o‘rinbosarlari tegishli sohalar va tarmoqlar bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ga erishilishini ta’minlaydi. Biriktirilgan vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning samarali faoliyatini tashkil etadi va natijadorlikka yo‘naltiradi. Vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlaydi.

Vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirildi. Jumladan, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etish, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borish, uni rivojlantirish bo‘yicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Shuningdek, yil yakunigacha aniq ko‘rsatkichlarga erishish holati yuzasidan Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va jamoatchilikka hisobot beradi va hisobotni ochiq e’lon qiladi. Hukumatga kiritilgan hujjat loyihalarini Bosh vazir huzurida va Hukumat rayosatida himoya qiladi.

Qo‘mita, inspeksiya va agentliklar rahbarlarini va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilishning aniq va yagona tartibi belgilandi. Qo‘mita, inspeksiya va agentliklar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, ularning o‘rinbosarlari esa Prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar o‘rinbosarlari soni, faoliyat yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Bosh vazir kotibiyati, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi. Bosh vazir kotibiyati rahbari va Bosh vazir maslahatchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Bosh vazir kotibiyati rahbari o‘rinbosarlari, Vakolatli vakil va Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari rahbarlari Prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanishi belgilandi.

Ushbu konstitutsiyaviy qonun asosida Vazirlar Mahkamasi ishini tashkil etishning sifat jihatdan yangi, samarali usullari va zamonaviy mexanizmlari joriy etildi. Hukumat a’zolarining davlat siyosati amalga oshirilishi va biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishish uchun shaxsiy mas’uliyati oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining tarmoq va sohalardagi vakolatlari aniq belgilab berilgan holda, uning ushbu sohalarni rivojlantirish bo‘yicha javobgarligi kuchaytirildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA