Milliy Olimpiya qo‘mitasida “Dopingga qarshi kurash: erishilgan natijalar, axloqiy, huquqiy va tibbiy jihatlar” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojiddinov shuningdek, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tgan xalqaro konferensiyada Butunjahon antidoping agentligi (WADA) prezidenti Vitold Bankaning ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaati tinglandi. WADA rahbari yurtimizda nafaqat sport, balki antidoping sohasiga ham hukumat darajasida e’tibor berilayotgani natijasida O‘zbekiston antidoping sohasida rivojlangan davlatlarning 1-guruhidan joy olganini ta’kidlab, konferensiya ishiga omad tiladi.

Tadbir davomida Janubiy Koreya, Litva, Polsha, Turkiya, Qozog‘istondan taklif etilgan ekspertlar va mahalliy mutaxassislar dopingga qarshi kurashni huquqiy tartibga solish, milliy antidoping qoidalarini ishlab chiqish, sohaga oid huquqiy me’yorlarni takomillashtirish shuningdek, sportda taqiqlangan moddalardan terapevtik istisno tarzida foydalanish masalalari yuzasidan tematik taqdimotlar o‘tkazdi. Muhokamalarda ishtirok etgan mutaxassis va mutasaddilar o‘zbekistonlik sportchilarning jahon arenalarida katta natijalarga erishayotgani va bu kabi tadbirlar ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishi, mamlakatimizda antidoping faoliyatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, dopingga qarshi kurashishda istiqbolli loyihalarni joriy etish xususida qimmatli fikr-mulohazalar bildirdi.

T.Ro‘ziyev, Muhammad AMIN (surat), O‘zA