Bugun butun dunyo nigohi Amerikadagi Prezident sayloviga qaratildi. Bir necha oydirki, mazkur siyosiy jarayonni kuzatib borayotgan tahlilchi-ekspertlar ikki asosiy nomzod kuchini teng baholadi. Nihoyat, saylov natijasi ma’lum. Qator davlatlar yetakchilari Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklayapti.

Britaniya Bosh vaziri Key Starmer voqeani “tarixiy g‘alaba” deb atadi.

— Saylangan Prezident Tramp bilan kelgusi hamkorlikni kutib qolaman, — dedi u. — Yaqin ittifoqchi sifatida Buyuk Britaniya va AQSH “erkinlik va demokratiya kabi umumiy qadriyatlarimizni himoya qilib, yelkama-yelka turadi. London va Vashington o‘rtasidagi “maxsus munosabatlar”ni yanada rivojlantiramiz.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning qutlovi quyidagicha yangradi:

— Tabriklayman, Prezident Donald Tramp! Avvalgi to‘rt yildagidek, tinchlik va farovonlikni mustahkamlash uchun yana birga ishlashga tayyormiz.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Respublikachilar partiyasi nomzodini tabriklarkan, Shimoliy Atlantika alyansi kuchini saqlab qolishda AQSHning yetakchi rolini ta’kidladi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Prezident Trampning saylovdagi g‘alabasini olqishladi. U respublikachi yetakchining g‘olibona tushgan suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, “ajoyib g‘alaba sari yo‘lda” deya izoh yozgan.

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa AQSH va Italiyani “umumiy qadriyatlar, tarixiy do‘stlik va strategik aloqalar” bilan birlashgan qardosh davlatlar, deb atadi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Trampga “kuchli g‘alabasi” munosabati bilan “iliq tabrik” yo‘llagan.

— YeI va AQSH shunchaki ittifoqchi emas, bizni 800 million fuqarosi bor xalqlar o‘rtasidagi haqiqiy sheriklik bog‘lab turadi, — deb yozdi siyosatchi o‘z sahifasida.

Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy hamkasbini qutlab, Tramp rahbarligida Qo‘shma Shtatlar “Ukrainani jiddiy qo‘llab-quvvatlash”da davom etishiga umid bildirdi:

— Sentyabr oyida Ukraina va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik, G‘alaba rejasi va Rossiya – Ukraina ziddiyatini to‘xtatish yo‘llari batafsil muhokama qilingan ajoyib uchrashuvimizni eslayman. Men Trampning global masalalarda “kuch orqali tinchlik” yondashuviga sodiqligini qadrlayman. Aynan shu tamoyil Ukrainada adolatli tinchlikni yaqinlashtirishi mumkin. Umid qilamanki, biz birgalikda jarayonni jonlantiramiz.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko esa Trampni “AQSHning g‘olib Prezidenti” deb atadi.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze g‘olibning prezidentlik faoliyati global va mintaqaviy tinchlikka hissa qo‘shishini qayd etib, “Tramp AQSH va Gruziya o‘rtasidagi munosabat tiklanishini ta’minlaydi”, deya ishonch bildirdi.

Ushbu mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili ham Donald Trampni AQSH Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.

— Gruziya Yevroatlantika bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlashi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashi, o‘z erkinligi va mustaqilligini himoya qilishi uchun 33 yillik strategik hamkorimiz va do‘stimiz bo‘lgan kuchli Qo‘shma Shtatlar hozir har qachongidan ham zarur, — dedi siyosatchi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA