Ko‘rgazmali seminar

To‘rtko‘l tumani “Tozabog‘yop” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qo‘shnazar paxtakor” fermer xo‘jaligi dala maydonida kuzgi shudgorlash mavzusi oldidan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminarda mas’ullar, tuman sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador tashkilot va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda kuzgi boshoqli donlarni biomahsulotlar bilan oziqlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali ko‘chatlar ekish, kuzgi shudgorlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash va sho‘r yuvish ishlari bo‘yicha soha mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi  

Beruniy tumanida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar Beruniy tumanida “MESMER-EAST” O‘zbekiston va Eron kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Loyiha doirasida Beruniy tuman suv ta’minoti korxonasi ma’muriy binosini rekonstruksiya qilish, suv rezervuarini,  3 ta suv taqsimlash, 1 ta suv yig‘ish 2 ta suv xlorlash inshootini qurish va rekonstruksiya qilish, magistral suv tarmog‘ini tortish ishlari ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2026 yilda tuman aholisining 80 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Xotin-qizlarning faolligi oshmoqda  

Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ellikqal’a tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan ishsiz xotin-qizlarni bandligini ta’minlash maqsadida “Qilchinoq” ovul fuqarolar yig‘inida  21 nafar xotin-qizga subsidiya asosida inkubator, 15 ta tovuq, 176 dona tuxum, bir oylik ozuqa yemi, don va suv idishlari tarqatildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova ishtirok etdi va oilalarga qo‘shimcha  daromad topishlarida yaxshi tilaklar bildirdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.