Moldova Prezidenti saylovining ikkinchi bosqichi bayonnomalarining 99,86 foizi qayta ishlangach, Mayya Sandu sotsialist nomzod Aleksandru Stoyanogloni mag‘lub etib, yana bir muddatga saylangani ma’lum bo‘ldi.

G‘olib uchun saylov huquqiga ega 930 512, ya’ni umumiy miqdorga nisbatan 55,41 foiz fuqaro ovoz berdi. Raqib esa 748 781 yoki 44,49 foiz ovoz to‘pladi.

Yevropa davlatlari yetakchilari qayta saylangan Sanduga tabrik yo‘lladi, deb yozgan “Moldpres”.

Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola ko‘hna qit’a Moldovani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan.

Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron “har qanday aralashuv va usullar qarshisida demokratiya g‘alaba qozongani”ni ta’kidladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen quyidagi mazmunda tabrik yo‘llagan:

– Ushbu saylovda duch kelingan qiyinchiliklarni yengish uchun katta kuch talab etildi. Moldova xalqi Yevropa kelajagi yo‘lida biz bilan hamkorlikni davom ettirishdan xursandman.

Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols ta’kidlaganidek, “Mayya Sandu Moldova Respublikasini qiyin paytda muvaffaqiyatli boshqarib, mamlakatni Yevropa tomonga yo‘naltirmoqda”.

Rasmiy Buxarest ham Sanduning muvaffaqiyatini olqishladi.

– Moldova fuqarolari demokratiyani himoya qilish va YeIga a’zolik yo‘lini ta’minlashga nisbatan xohish-irodani yaqqol isbotladi, dedi – Prezident Klaus Yoxannis Mayya Sanduni “tarixiy g‘alaba” bilan tabriklarkan. – Ruminiya xalqi Moldova Respublikasi fuqarolari bilan birga mamlakat taqdirini Yevropa oilasida ortga qaytmas tarzda mustahkamlaydigan ushbu muvaffaqiyatdan xursand.