Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida to‘rtinchi tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu turdan o‘rin olgan “Persepolis” – “Al-Garafa” bahsi 1:1 hisobida o‘z yakuniga yetgan bo‘lsa, “Al-Hilol” o‘z maydonida “Istiqlol”ni qabul qilib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, “Al Ahli” bu turda “Al Shorta” ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Al Vasl” – “Al Sadd” uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etildi.
Bugun, 5 noyabr kuni musobaqaning 4-turida “Paxtakor” –“Al Rayan”, “Al-Nasr” – “Al Ayn” bahsiga guvoh bo‘lamiz. “Paxtakor” –“Al Rayan” uchrashuvini yaponiyalik hakamlar guruhi boshqaradi.
Shu o‘rinda, bugun poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tkaziladigan “Paxtakor” –“Al Rayan” uchrashuvi oldidan ushbu jamoalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim ko‘rdik.
Poytaxtimizning bosh jamoasi Qatarning “Al Rayan” klubi bilan ilgari to‘qnash kelmagan bo‘lsa-da, bu mamlakat klublariga qarshi bir necha bor o‘yin o‘tkazgan.
Endi esa “Al Rayan” haqida ayrim ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratamiz. Jamoa 8 karra Qatar chempioni bo‘lib, 6 bor Qatar Amiri kubogi, 4 marta Qatar kubogi va 5 marta Shayx Jassim kubogi g‘olibiga aylangan. Oxirgi chempionligini 2015-16 yilgi mavsumda qo‘lga kiritgan.
Jamoani mahalliy mutaxassis Yunus Ali boshqarib kelmoqda. Chempionlar ligasi uchun “Al Rayan” safida qatarlik o‘yinchilardan tashqari 12 nafar xorijlik futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. “Paxtakor” haqida esa mamlakatimiz futbol muxlislari yetarlicha ma’lumotga ega ekaniga shubha yo‘q.
Darvoqe, “Paxtakor” Qatarning boshqa jamoalari bilan xalqaro musobaqalarda faqat Chempionlar ligasida o‘ynagan. Aniqrog‘i, Qatarning 5 klubiga qarshi jami 18 uchrashuvda maydonga tushgan. “Al-Garafa” bilan eng ko‘p duch kelgan – 6 bor. “Al-Sadd” va “Al-Duxayl” bilan to‘rt martadan, “Qatar” SK va “Al-Arabi” bilan esa ikkitadan uchrashuv o‘tkazilgan. Bu o‘yinlarda 5 g‘alaba, 5 durang va 8 mag‘lubiyat kuzatilgan. Raqiblar darvozalari 26 marta ishg‘ol qilinib, 29 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan.
Toshkentda Qatar jamoalariga qarshi yetti bellashuv bo‘lib o‘tgan. Ularda 4 g‘alaba va 3 durang qayd etilgan. 14 ta to‘p kiritilgan va 6 gol o‘tkazib yuborilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA