Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida hududlararo investitsiyalar forumi va hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, ishlab chiqaruvchilar va davlat buyurtmachilari o‘rtasida sanoat kooperatsiya aloqalarini oshirish, yirik korxonalarning kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qulay investitsiya sharoitlarini yaratish, sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylandi. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish maqsadida muntazam ravishda sanoat yarmarkalari o‘tkazib kelinmoqda.

Hududiy sanoat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan, shuningdek,  Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 550 ta korxona o‘zlarining 441 ta mahsulot namunasi, o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari, istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etdi. Tadbir doirasida “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zsanoatqurilish materiallari” uyushmasi va Raqamli transformatsiya markazi tomonidan 4 ta mavzuli taqdimot ham o‘tkazildi.

Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xomashyolarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish yuzasidan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA.