O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Bu hudud rivojlangan industriyasi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida katta o‘rin tutadi. Iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlar tufayli so‘nggi yillarda yangi korxonalar ko‘payib bormoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Navoiy shahridagi “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Viloyatdagi korxonalarga vodorod peroksidi doim zarur. Umuman, yurtimiz sanoat tarmoqlarida bu kimyoviy birikmaga yillik talab o‘rtacha 15 ming tonnadan ziyod. Joriy yilda o‘z faoliyatini boshlagan “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasida shunday talabgir mahsulot ishlab chiqariladi.

Qiymati qariyb 30 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib o‘rnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi kabi o‘nga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qog‘oz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qo‘llaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sun’iy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Asosiysi, iqtisodiy samaradorlik yuqori. Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qo‘shilgan qiymat yaratadi.

Korxona laboratoriyasiga ham eng so‘nggi rusumdagi jihozlar o‘rnatilgan. Unda har soatda tahlil o‘tkaziladi. Bu mahsulot sifatini doimiy nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Har bir loyihadan maqsad – yuqori daromad, qo‘shilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan ma’qul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni ko‘paytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Vodorod peroksidi shu paytgacha O‘zbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, import o‘rnini to‘ldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yo‘q. Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar.

Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning o‘zida plastik quyma idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Korxonani muqobil energiya bilan ta’minlash maqsadida quvvati 27 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.

Yana bir e’tiborli jihati, ilgari mamlakatimiz kimyo sohasida xususiy sektor bo‘lmagan. Bu korxona so‘nggi yillarda sohaga kirib kelgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biri.

Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

Xususan, Turkiyaning “Orbak Metal Industry” kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini borib ko‘rdi.

Navoiy viloyatida kimyo sanoati rivojlangan. Hududda mineral resurslar ko‘p, tarmoq infratuzilmasi va kadrlar salohiyati yaxshi. Bundan foydalanib, istiqbolli korxonalar tashkil etish uchun esa mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga sharoit bor.

Shu negizda xitoylik ishbilarmonlar tomonidan “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etilmoqda.

Mazkur majmua uchun 130 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirgacha ularning ikkitasi – 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.

E’tiborlisi, sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Ayni paytda korxona tomonidan 330 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish hamda texnologik jarayonda hosil bo‘ladigan issiqlikdan 15 MVt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurib bitkazilgan.

Davlatimiz rahbariga texnoparkda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalotsianin (to‘qimachilik bo‘yog‘i) ishlab chiqarish korxonalari qurilishi boshlangan.

Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari samarali yo‘lga qo‘yiladi. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar o‘rni qoplanadi.

Texnoparkda mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizni tashkil qiladi. Loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich ikki barobar ortadi.

Davlatimiz rahbari korxonalarda ishlab chiqarish balansini ta’minlash, “off take” shartnomalar qilib, mahsulotlarni kafolatli sotish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi ta’minlangan. Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026 yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan.

Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablag‘lari hisobidan qurilmoqda.

Shu yerda 2024-2030 yillarda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Unga ko‘ra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni bo‘ladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz loyihalarda ekologiya talablariga alohida e’tibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Davlatimiz rahbari ularning investorlari bilan muloqot qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar – jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

O‘z faoliyatini 2007 yilda qurilish materiallari tarmog‘idan boshlagan tadbirkor 2020-2023 yillarda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonalarga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.

Tadbirkorning aylanma mablag‘i bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard so‘m edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 250 kishining doimiy bandligi ta’minlangani esa ijtimoiy muhim jihat.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda atmosfera havosiga ta’siri bo‘lgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining ko‘pi eskirgan. Ilgari bu yo‘nalish faqat chet elga bog‘lanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab cho‘zilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh o‘z mahsulotlarimiz va xizmat ko‘rsatish paydo bo‘lmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi.

Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham o‘rni bor. Ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Mahsulotlar mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yo‘qotmagan holda tannarxni tushirishga erishilmoqda.

Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham jo‘natilmoqda. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusida bu geografiyani va miqdorni oshirish maqsad qilingan.

Shu yerda Navoiy viloyatining sanoat mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, og‘ir va yengil sanoat uchun detallar, uskunalar, kompressorlar, elektrotexnika jihozlari, mis va plastik quvurlar, nasos qismlari namoyish etildi. Ularni birlashtiruvchi jihat – mahalliylashtirilgani.

Prezident mamlakatimizda gidroenergetikani yanada rivojlantirish maqsad qilinganini ta’kidlab, kichik va mikroGESlar qurish hamda ularning komponentlarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar uchun mahalliylashtirish loyihalarini kuchaytirish orqali viloyatda ishsizlikni kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘ng davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yetti yilda viloyatga 3 milliard 500 million dollardan ortiq investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 64 ming 700 ta ish o‘rni va yiliga 1 milliard 200 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Bu yil 2 milliard 100 million dollarlik 577 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar izchil davom ettirilib, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 26 milliard 800 million dollarlik yuzdan ortiq strategik va yirik loyiha shakllantirilgan.

Prezidentimizga ularning 12 tasi taqdimot qilindi.

Loyihalarga AQSH, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va to‘qimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshiriladi. Kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi shular sirasiga kiradi.

Shu tumanda Rossiya bilan yana bir investitsion tashabbus – oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yo‘lga qo‘yiladi. Turkiya bilan hamkorlikda Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Avstriya bilan esa Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari  va kaustik soda olish loyihasi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalar natijasida 17 ming 800 nafardan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz tashabbuskorlarga tashkiliy-moliyaviy masalalarda ko‘maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, nuroniylar va ziyolilar bilan suhbatlashdi.

– Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta ro‘zg‘orni tebratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelayapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz, – dedi Prezident.

Loyiha uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonda qurilish rejalashtirilgan.

Shaharchada 7-22 qavatli uy-joylar, 4 ming 170 o‘rinli umumta’lim maktablari, 1 ming 620 o‘rinli bog‘chalar, poliklinika barpo etiladi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham shu yerda bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida sanoat rivojlangani, lekin xizmat salohiyati to‘liq ishga solinmaganini aytdi. Shu bois shaharchada sayilgoh, ko‘ngilochar maskanlar, savdo do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etib, xizmatlar rivojlantirilishi belgilandi.

Shaharcha qurilishi direksiya tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Yer maydonlari elektron auksionga qo‘yilib, g‘olib qurilish tashkilotlari bilan investitsiya shartnomasi tuziladi.

Bugun Navoiy shahrida bunyodkorlik jadal. Farovon – yangi tashkil topgan mahallalardan biri. Bu yerdagi 50 dan ortiq ko‘p qavatli uyda 15 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, teatr va mehmonxonalar, bog‘cha va maktablar barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerdagi 22-umumta’lim maktabida bo‘ldi.

Mamlakatimizda maktab ta’limi umummilliy harakatga aylanmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ta’lim sohasi eng birinchi vazifa sifatida belgilangan.

1 ming 800 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bu muassasa o‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan ta’minlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sifatini Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga yaqinlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda muassasaga 104 nafar o‘qituvchi bilimi va pedagogik mahorati bo‘yicha saralab ishga qabul qilingan. Darslar ham ilg‘or maktablar dasturi asosida olib borilmoqda.

Yoshlarga kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunar o‘rgatish jarayoni bu yerda ham izchil amalga oshirilmoqda. Buning uchun maktabda amaliy san’at, mehmonxona xizmati, rassomchilik, suratkashlik, IT yo‘nalishi, robototexnika kabi kasb-hunarlar bo‘yicha o‘ndan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan.

Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan. Unda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar jasorati haqida muloqotlar bo‘ladi. Vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari tez-tez o‘tkaziladi.

– Ilmli bo‘lish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli bo‘lsa, shijoatingiz yanada baland bo‘ladi, – dedi Prezident.

Maktabda “Iqtidor” klubi ham tashkil etilgan. Unda ijodkor o‘quvchilar musiqa, teatr va san’at yo‘nalishida turli mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.

Prezidentimiz maktab faoliyati bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

– Mening eng katta tashvishim, maqsadim – yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi, – dedi Prezident bolalarga.

Ta’lim dargohida “xavfsiz maktab” tizimi ishlaydi. Buning uchun muassasaga kirish-chiqishda “Face ID” dasturi qo‘yilgan. Shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi politexnikumda ham bo‘ldi.

Mamlakatimizda eng asosiy masalalardan biri – bandlik. Aholiga talab yuqori kasblarni o‘rgatish maqsadida texnikumlar tarmog‘i rivojlantirilmoqda.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 25 ta professional ta’lim muassasasi bor. Ularda 12 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularga malakali pedagoglar, 234 nafar ishlab chiqarish ustalari biriktirilgan.

2-son politexnikumda 41 ta o‘quv va laboratoriya xonasi, 350 o‘rinli faollar va sport zallari, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona mavjud. Maktab bitiruvchilari va turli yoshdagi fuqarolar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki va dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Kasblarni amaliyot bilan bog‘lashda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari katta o‘rin tutmoqda.

Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘zi uchun zarur payvandlovchi va chilangar, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kimyoviy texnologiya laboranti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi elektr montajchi kasblariga yoshlarni maqsadli tayyorlaydi. Buning uchun sanoat korxonalari texnikumda o‘z bo‘limlarini ochgan. O‘quvchilar bir vaqtning o‘zida ham kasb o‘rganadi va bajargan ishiga yarasha maosh oladi.

Mahallalar bilan birgalikda ishsiz fuqarolar, malakasi yetarli bo‘lmaganlar, ishlash istagidagi ayollar ham o‘qishga jalb etilmoqda. Kasblarni yaxshi egallaganlar shu korxonalarga ishga olinadi.

Prezidentimiz bu yerda o‘qiyotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

– Sizlarda ishonch va intilish paydo bo‘lganidan xursandman. Kasbni mahkam tutib, hayotda o‘z o‘rningizni toping. Mehnatingizdan baxt topishingiz uchun sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, “Mengi Textile Group” va “Navbahor Qorajon” tekstil korxonalari bilan dual va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlar yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgach, tikuvchilik sexlariga ishga qabul qilinadi.

Duradgorlik ustaxonasida o‘quvchilar yasayotgan eshik, stol-stul kabi jihozlar viloyatda ancha xaridorgir. Ular ta’lim olish bilan bir vaqtning o‘zida ishlab, oilalariga ko‘makchi bo‘lishmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘l mehnati bilan milliy hunarmandchilik buyumlarini yasashga o‘rgatish o‘quv kurslari ham bor.

Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan soha xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etish lozimki, Navoiy viloyatidagi ta’lim muassasalari bilan 51 ta korxona o‘rtasida shartnoma imzolangan. Yil boshidan buyon mingdan ziyod ishsiz fuqaro o‘qitilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abduvali BO‘RIEV,

O‘zA muxbirlari