Saudiya Arabistoni Podshohligi Ar-Riyod shahrida sayyoramizdagi eng katta bino qurilishi boshlandi. Dabdabali “Mukaab” inshootini osmon o‘par deb bo‘lmaydi, chunki bino minorasimon bo‘lmaydi.
Saudiyaliklarning ulug‘vor loyihasi oltin rangli bahaybat kub bo‘lib, uzunligi, kengligi va balandligi 400 metrdan. Juda katta mazkur ob’ektga Nyu-Yorkdagi mashhur “Empire State Building”dan 20 tasini sig‘dirish mumkin.
Xorij ommaviy axborot vositalari yozishicha, ko‘p funksiyali bu binoni, aslida, to‘laqonli shahar deyish mumkin.
Zero, majmuada nafaqat ofis, savdo shoxobchalari va dam olish maskanlari, balki, masalan, 9 ming mehmon joylashadigan xonalar ham hozirlanadi. “Mukaab” tarkibida doimiy yashash uchun 104 ming xonadon ham ajratiladi.
Yaratuvchilar piyoda kezish uchun yashil hududlar, ulkan monitorlar va boshqa xil turli hashamatli tashqi bezaklar bilan Saudiya kubini san’at asariga aylantirish niyatida.
Hozircha Jami 50 milliard dollarga baholanayotgan olamshumul g‘oyani haqiqatga aylantirish uchun 900 kishi ishlaydi. Qurilishi 2030 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan loyiha valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud tashabbusi bilan ishlab chiqilgan milliy strategiyaning tarkibiy qismidir. Uning niyati mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, davlatni neftga qaramlikdan qutqarish va Saudiyaning sayyohlik jozibadorligini oshirishdan iborat.
Mualliflar Kub “Ar-Riyodning yangi yuzi” bo‘lishiga ishonishmoqda.