O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining yana bir yangi loyihasi – “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobining ilk namuna nusxasi nashrdan chiqdi. Ushbu kitobga 50 nafarga yaqin ustoz jurnalistlarning ayni kunda matbuotimizda kamayib ketayotgan feleton, ocherk, jurnalistik surishtiruv, esse kabi 8 ta jurnalistik janr bo‘yicha eng sara materiallari kiritilgan.

Shuningdek, to‘plamdan fotojurnalistika yo‘nalishi janrlari bo‘yicha tajribali fotojurnalistlarimiz – Abdug‘ani Juma, Alimurod Mamadaminov, Anvar Ilyosov, Hamdam Shorahmedov, yoshlardan Hasan Paydoyev, Husniddin Ato, Xolida Musurmonova, E’zoza Umrzoqova va boshqalarning ajoyib, turli rakurslardan olingan suratlari o‘rin olgan. Mazkur to‘plam yosh, umuman, turli yoshdagi ijodkorlarimiz-jurnalistlarimiz uchun yana bir qo‘llanma bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Media soha bo‘yicha ta’lim olayotgan yoshlarimiz mazkur kitobda e’lon qilinayotgan ustoz jurnalistlarning mahorat bilan yozilgan materiallarini qayta-qayta o‘qish orqali jurnalistika janrlari bo‘yicha materiallar qanday yozilishini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan ustoz jurnalistlarning eng sara ijodiy ishlari joy olgan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi yaqin vaqt ichida dastlab ming nusxada chop etilishi kutilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlashni istardim, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida tahririyatlarda, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmamiz hududiy bo‘limlari qoshida taniqli jurnalistlarning bo‘lajak media soha vakillari uchun “Mahorat maktablari”, “Yosh jurnalistlar” to‘garaklari tashkil etildi. Ushbu to‘plam mazkur maktab va to‘garaklarda ta’lim olayotgan yoshlar uchun ham zarur manba bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish bo‘yicha ish olib borar ekanmiz, bu jarayonda jurnalistikaning asosi hisoblanmish bosma OAVni rivojlantirmay, gazeta va jurnallarimizda rang-baranglikni ta’minlamay turib, maqsadga – milliy jurnalistikamiz ravnaqiga erishib bo‘lmaydi.

Bugun mamlakatimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni, o‘zgarish va yangilanishlarni tezkor, xolis-haqqoniy, adolatli yoritish ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu jarayonda jurnalistika janrlaridan samarali foydalanish ahamiyatli.

Jurnalistikada ijodiy uslubga ega bo‘lish, doimiy ravishda kasbiy mahoratni o‘stirish muhim sanaladi. “Oltin qalamli jurnalistlar” nomi ostida chop etilayotgan ushbu to‘plam media sohani tanlaganlar, umuman, ijodkorlarga bu borada zarur manba-qo‘llanma sifatida xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Xolmurod Salimov,

O‘zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi raisi v.b.