Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi.

Saylov jarayonini xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita kuzatib bordi.

Xalqaro kuzatuvchilardan biri – Rossiya-Tojikiston (Slavyan) universiteti professori Rahmon O‘lmasov o‘z fikrlarini bildirdi.

– Ikki kundirki qardosh xalqning poytaxtidamiz. Saylovdan oldin tayyorgarlik jarayonlari, xalqning kayfiyati bilan qiziqdik.

To‘g‘risi, samolyotda, aeroportda o‘ziga xos saylov kayfiyati sezildi. Aholining turli qatlamlari vakillari bilan muloqot qildim. Saylovni odamlar katta qiziqish bilan kutayotganiga amin bo‘ldim. Bu aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib borayotganini ko‘rsatuvchi muhim omildir.

Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda juda muhim islohotlar amalga oshirildi. Turli sohalarda rivojlanish, taraqqiyot yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Biz yaqin qo‘shni, qardosh sifatida bundan mamnunmiz.

Xalqning kayfiyati, siyosiy jarayondagi faol ishtiroki ana shu islohotlar natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bilan birga, saylov – bu deputatlikka nomzodlar uchun imtihon hamdir. Bu imtihondan munosiblargina o‘tadi.

Norgul Abduraimova,  

Nosir Haydarov (surat),  

O‘zA