Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi navbatdagi brifing O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Sh.Polvonov ishtirokida bo‘ldi. Unda fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, har bir fuqaro Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berishi ularning mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi, demakdir. Saylovda fuqarolarning umumiy, teng va yashirin tarzda ovoz berish huquqlarini amalga oshirishlariga sharoit yaratiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sudlar saylov jarayonlariga aralashmaydi. Ammo saylov qonunchiligi buzilgan yoki saylov jarayonlarida fuqarolarning huquqlari buzilishiga oid murojaatlarni, ya’ni saylovga oid nizoli holatlarni o‘z vaqtida, adolatli ko‘rib chiqish, odil sudlovni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ishchi guruh tuzilib, kelib tushishi mumkin bo‘lgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, saylov qonunchiligi va saylovga oid nizolarni sudlarda ko‘rib chiqish tartiblari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi. Sudyalar ishtirokida seminarlar o‘tkazildi.
Bugunga qadar Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha ariza kelib tushmagan. Biroq xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish jarayoni bo‘yicha 2 ta ariza, siyosiy partiya fuqaroni tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan olib tashlagani yuzasidan bitta ariza kelib tushgan bo‘lib, ular sudlar tomonidan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan.
Bugun 15:00 ga qadar sudlarga saylovda ovoz berish jarayonlariga oid murojaatlar kelib tushmagan.
Saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushmagan. Biroq, saylovoldi tashviqoti davomida saylov va tashviqotga oid materiallarga qasddan shikast yetkazish bo‘yicha sudlarda 2 ta ish ko‘rib chiqilgani qayd etildi.
Shuningdek, brifingda saylov komissiyalari faoliyati bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmagani, bu esa Markaziy saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ko‘rish ishlari to‘g‘ri tashkil qilinganidan dalolat berishi qayd etildi.
M.Komilova,
A.Alijonov (surat),
Yo.Meliboyev (video),
O‘zA muxbirlari