Qatar Davlati QNA axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etayotgani haqida maqola e’lon qildi. Muallif ovoz berish jarayonida fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilganini ta’kidlab, Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida MSK Raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ishtirokida dastlabki brifing bo‘lib o‘tgani, tadbirda jarayon xususidagi ma’lumotlar taqdim etilganiga to‘xtalgan.
Qayd etilganidek, bugun ertalabdan mamlakatimiz hududlarida 11 028, shuningdek, boshqa davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 57 saylov uchastkasi ish boshladi.
Mazkur muhim siyosiy tadbirda jarayonni boshqarishning avtomatlashgan tizimida tuzilgan saylovchilarning elektron ro‘yxatiga 19 944 859 kishi kiritilgan. Bundan tashqari chet ellardagi 165 631 nafar fuqaromizga ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Maqolada bu galgi saylovda Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahri kengashlariga 3 625, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga 24 850 nomzod ko‘rsatilgani qayd etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA