Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Galenko Ivan Fedotovich Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Bog‘yob” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 454-saylov uchastkasidan o‘zi munosib deb topgan nomzodga ovoz berdi.
– 100 yoshni qarshi olgan tabarruk otaxon uchun yashash joyida ovoz berish tashkil etildi, – deydi saylov uchastkasi raisi Umid Qurbonboyev – Hududimizdagi keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan yana 21 nafar fuqaroga mana shunday imkoniyat yaratib berildi. Hududda 1 ming 84 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, hozirgacha 518 nafari ovoz berdi.
Yosh kelin-kuyovlar saylovda ishtirok etdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yangi oila qurayotgan yoshlar Islom Abayev va Dilfuza Solihova bugungi siyosiy jarayonda faol ishtirok etdi.
Ular o‘zlari istiqomat qilayotgan “Paxtachi” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 501-sonli saylov uchastkasiga kelib, munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berdi.
Siyosiy jarayon ishtirokchilari hamda xalqaro kuzatuvchilar ushbu yoshlarning betakror quvonchli damlarining guvohi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.