Joriy yil 26 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida jahon tibbiyotida muhim voqea – ortoped-travmatologlarning xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu keng ko‘lamli tadbirda O‘zbekiston hamda uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlarning yetakchi mutaxassislari o‘zaro tajriba almashish, eng yangi texnologiyalarni muhokama qilish, shuningdek, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari o‘tkaziladi. Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Rossiya, AQSH, Turkiya kabi davlatlar vakillari ishtirok etadi.
Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, u nafaqat nazariy bilimlar almashinuvi, balki amaliy ishlarni ham o‘tkazish imkonini beradi. Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad travmatologik va ortopedik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat. Qayd yetish joizki, reabilitatsiya davrini sezilarli darajada qisqartirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini beruvchi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Bunday tadbirlarning tashkil etilishi yurtimizda tibbiyot fanining yuksak saviyasini ta’kidlabgina qolmay, tibbiyot hamjamiyatida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Nukusdagi anjuman shifokorlarga o‘zaro tajriba almashish, so‘nggi yondashuvlarni muhokama qilish, travmatologiya va ortopediya sohasidagi global muammolarni hal etish yo‘llarini birgalikda ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonning tibbiyot sohasida innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikka intilishini yana bir bor tasdiqlab, mamlakatimizni dunyoning eng yaxshi mutaxassislari va tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish markaziga aylantiradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.