Xitoy Taypeyida davom etayotgan U-17 Osiyo kubogining guruh bosqichida ishtirok etayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi munosib o‘yin namoyish etmoqda.
Qit’a kubogining “Ye” guruhidan joy olgan umidli futbolchilar jamoamiz kecha guruh bosqichining 2-turida Xitoy Taypeyi terma jamoasi bilan kuch sinashdi.
Shiddatli kechgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy Taypeyini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning 61-daqiqasida Abubakir Shukurullayev tomonidan kiritilgan gol o‘smirlar terma jamoamizga g‘alaba keltirdi.
U-17 Osiyo kubogi guruh bosqichining 1-turida Falastinni 3:0 hisobida mag‘lub etgan terma jamoamiz 3-turda Iroq terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi.
2-turning Iroq-Falastin to‘nashuvida iroqliklar 4:0 hisobida muvaffaqiyatga erishdi.
Ertaga, 27 oktyabr kuni guruh bosqichining so‘nggi 3-turida 6 tadan ochkoga ega O‘zbekiston va Iroq Osiyo kubogi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Ushbu “duel”da omadga erishgan jamoa guruh Osiyo kubogining keyingi bosqichiga yo‘l oladi.
Aytish lozim, O‘zbekiston-Iroq o‘yinidagi durang natija ham Iroqni yetakchiga aylantiradi. 2-o‘rinni egallagan jamoa esa boshqa guruh natijalarini kutishi kerak bo‘ladi. Shu jihatdan o‘smirlar terma jamoamiz ertaga o‘tadigan 3-turda faqat g‘alabaga erishishi lozim bo‘ladi. Bu yo‘lda Islom Ismoilov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zolariga omad tilab qolamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA