AQSHning «Biologic International” LLC kompaniyasi O‘zbekistonda kraxmal va oqsil ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bug‘doyni qayta ishlash zavodini barpo etish taklifini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

24 oktyabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazirlik mas’ullari hamda AQSHning mazkur kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yangi loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, «Biologic International” LLC kompaniyasi hozirda moliyaviy modelni ishlab chiqmoqda va turli platformalarni o‘rganmoqda.

Maqsad zavod uchun mos hududni ko‘rib chiqish, texnoparklar rahbariyati bilan uchrashish hamda kompaniyalar bilan moliyalashtirish masalalarini muhokama qilishdir.

Bundan tashqari, mahsulotni qayta ishlash bozorini baholash va ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo yetkazib beruvchilarni jalb etish ham rejalashtirilgan, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

A.RUSTAMOV, O‘zA