Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport zalida aravachada qilichbozlik bo‘yicha kattalar va yoshlar (“U-23”) o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qildi.

Jismoniy imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur musobaqada yuzga yaqin qilichbozlar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Chempionatning tantanali ochilishida yurtimizda ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarni sport bilan shug‘ullanishi, shu jumladan, aravachada qilichbozlik yo‘nalishida zarur sharoitlar yaratish, ushbu sport turini ommalashtirish, xalqaro arenalarda, ayniqsa, Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston dovrug‘ini yuksaltiradigan sportchilarni yetishtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Besh kun davom etgan, ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan para qilichbozlar jamoaviy bahslarda mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Respublika chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, shpaga yo‘nalishida Farg‘ona viloyatidan Bobur Musinjonov va Toshkent viloyatidan Albina Nuriddinova, sablya yo‘nalishida Andijon viloyatidan Rasulla Jusipbayev va nukuslik Mehribon Jalgasovaga teng keladigan raqiblar topilmadi.

Umumjamoa bahslarida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mezbonlar Namangan viloyati jamoasi faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Andijon viloyati jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Turnirning tantanali taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlar Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan maxsus diplom, medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA