Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Aytib o‘tish kerakki, ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida keng qamrovli profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishiga qaramasdan ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda.
Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023 yilda 717 nafar va 2024 yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Shu sababli, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor hamda ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga keldi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi.
Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari ma’muriy qamoq jazosi ham kiritildi.
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak. Bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yildi.
Senatorlar ma’qullagan qonunning maxsus toifadagi shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan joyning o‘zida ta’sir choralarini qo‘llashga, ushbu toifa shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligining oshishiga hamda fuqarolarning behuda ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA