Xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Asrlar xazinasi: O‘zbekiston qo‘lyozmalari merosi” nomli xalqaro sharqshunoslar forumi va eksklyuziv ko‘rgazma tashkil etildi.

Eksklyuziv ko‘rgazma dunyodagi eng boy qo‘lyozma fondlardan biri saqlanadigan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida tashkil etildi. Fond bu yerdagi noyob durdonalar soni, mavzu, til va davriy xilma-xilligi, o‘ziga xos kitob ziynati bilan ham mashhur. U 2000 yilda YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda ushbu fondda arab yozuvidagi 26 mingdan ziyod qo‘lyozma va 40 mingga yaqin bosma kitob va 5000 dan ziyod tarixiy hujjatlar mavjud.

Ular orasida ilmiy va badiiy ahamiyatga molik manbalar ko‘p. Shulardan  “Kulliyoti Rumiy” nomli turkum qo‘lyozmalar ham 2023 yilda YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritildi.

Fondda X – XX asrlarga oid eski o‘zbek, arab, fors, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uyg‘ur va boshqa sharq tillarida yozilgan asarlar saqlanadi. Ular o‘rta asr va undan keyingi davrdagi fanning tarix, adabiyot, falsafa, huquq, falakiyot, kimyo, tabobat, geografiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, ma’danshunoslik kabi sohalariga bag‘ishlangan.

Bu asarlar Turkiston o‘lkasi, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Arab davlatlari tarixi, ular orasidagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy, diplomatik aloqalar tarixini o‘rganishda qimmatli manbalardir.

Qo‘lyozmalar xazinasida Sharqning buyuk siymolari Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Forobiy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Koshg‘ariy, Najmiddin Umar Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek singari yuzlab Turon mutafakkirlarining asarlari o‘rin olgan. Alisher Navoiyning o‘z qo‘lida tuzgan devonlari, Abdurahmon Jomiy o‘zi ko‘chirgan asarlari, o‘zbek va fors shoirlarining ko‘plab devonlari saqlanmoqda.

Eksklyuziv ko‘rgazmada Abu Rayhon Beruniyning ushbu institut fondida saqlanayotgan “At-Tafhim”, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy”, Ali ibn Ansoriyning “Ixtiyorot-i Badiiy”, Abu Bakr Muhammad Roziyning “Kitab Sir al-asror” kabi ilmiy asarlari, Langar Qur’oni, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih”, Abu  Ubayd al-Qosim ibn Salomning “G‘arib ul-Hadis” kabi Qur’on va xadisshunoslikka oid manbalari, shuningdek, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Mas’ud bin Usmon Ko‘xistoniyning “Tarixi Abulhayrxoniy” kabi tarixga oid asarlar, hamda Alisher Navoiyning “Devoni Navoiy” kabi adabiyotga oid asarlarning noyob nusxalari namoyish etilmoqda.

Konferensiyada 100 dan ortiq xorijlik va mahalliy olimlar, tadqiqotchilar va madaniyat xodimlari ishtirok etdi. Yaponiya, Hindiston, BAA, Turkiya va Tojikistondan tashrif buyurgan olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Dastlab “Asrlar xazinasi: O‘zbekiston qo‘lyozmalari” nomli ko‘rgazma namoyishi bo‘lib o‘tdi. So‘ng O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori B.Abduhalimov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F.Abduxoliqov va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori G.Rixsiyeva buyuk ajdodlarimizning merosini o‘rganish dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

N.Usmonova, O‘zA