O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va hududiy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Adolat” SDP faollari va deputatlikka nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqot tadbirlari olib borilmoqda.
Nukus shahridagi “Navro‘z”, “Navbahor”, “Jayxun”, “Ipak yo‘li” hamda “Nao‘qan bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inlarida partiya faollari va deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari o‘tkazildi. Xonadonlarda aholi bilan ochiq muloqotlar olib borilib, partiyaning dasturiy maqsadlari hamda deputatlikka nomzodlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mahallalar aholisiga partiyaning xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish, yoshlar siyosati, oila mustahkamligini ta’minlash doirasidagi ijtimoiy tashabbuslari ma’qul kelmoqda. Ayniqsa, saylovoldi dasturidagi xotin-qizlar va bolalarning hayoti, haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida “shelter”lar ochish tashabbusi alohida e’tirof etilmoqda.
Shelter – bu uysizlar, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan yoki uyda zo‘ravonlikni boshdan kechirgan xotin-qizlar va bolalar uchun boshpana bo‘lib, partiya tomonidan ularda zo‘ravonlikka uchraganlarga to vaziyat o‘nglangunga qadar ta’lim berish, zarur tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rish maqsad qilib olingan.
Partiya nomzodlarining mazkur yondashuv asosida mahallalardagi keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari muhim siyosiy jarayonlarda saylovchilar qo‘lloviga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.