Argentina Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mamlakatda soliq xizmati tugatilib, yangi agentlik tashkil etiladi va 3 mingdan ziyod odam ishdan bo‘shatiladi.
– Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va samarasiz tuzilmalarni yo‘q qilish doirasida federal soliq xizmati tugatiladi va soddaroq, samaraliroq tuzilma – kamroq xarajat bilan, byurokratik jarayonsiz soliq yig‘adigan, bojxona nazoratini o‘rnatadigan agentlik tashkil etiladi, – deyilgan xabarda.
Ushbu qaror xodimlar kasbiy malakasini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashishga ham yordam berishi kutilyapti. Rasmiylar soliq xizmati xodimlarining 15 foizi, ya’ni 3155 kishi, shuningdek boshqaruv tizimida maosh qisqarishini ma’lum qilgan.
Masalan, soliq xizmati rahbari oyiga 32 million peso – taxminan 32 ming dollar olgan. Endi bu miqdor vazir darajasida 4 million peso – 4 000 dollarga yaqin bo‘ladi. Bo‘lim boshliqlari maoshi ham sezilarli darajada kamaytiriladi.
O‘tgan yil dekabr oyida Xaver Miley davlatning eng oliy lavozimini egallagach, iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha uch yuzdan ziyod islohot amalga oshirilishi haqida favqulodda farmon e’lon qildi. Ayni jarayon barcha sohalarda xarajat jiddiy qisqarishini nazarda tutadi. O‘zgarishlar qonun loyihasi shaklida dekabr oxirida Parlamentga jo‘natiladi.
Islohot rejasi parlament quyi palatasida turli komissiyalar tomonidan bir oy mobaynida o‘rganildi. Hatto, ko‘pchilik fuqarolar, siyosatchilar tomonidan tanqidga ham uchradi. Shunga qaramay, Miley mamlakat tarixida tub islohotchi sifatida qolish fikridan qaytmayapti, chog‘i. Masalan, u fevralda o‘zi imzolagan farmonni bekor qildi. O‘sha hujjatga ko‘ra, Prezident va boshqa yuqori lavozimli mansabdorlar maoshi 48 foiz oshirilishi kerak edi.
S.Rahimov,
O‘zA