Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yong‘in xavfsizligi va aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Nukus shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddilari so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish va tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal etish bo‘yicha aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilganlarga aholi turar-joylarida tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga doimiy amal qilish, is gazidan zaharlanish oqibatida yuz beradigan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi. Mutaxassislar tomonidan keyingi yillarda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq noxush holatlar oqibatida bir qancha fuqarolar jarohat olgani va hodisalar oqibatida o‘lim bilan tugagan ayrim hollarda haqida statistik ma’lumotlar keltirildi.
Tadbir davomida ota-onalar va talabalar ham so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Talabalarga tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Filialdagi ijara uylarda yashab kelayotgan talabalar holidan muntazam ravishda xabar olinib, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.