Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 32 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash uchun “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samarali tashkil etiladi.
Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi hamda tashkiliy qo‘mita tasdiqlandi.
Bayramni bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi.
Keyingi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va roli keng yoritiladi.
“Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilgani ochib beriladi.
Mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati keng targ‘ib qilinadi.
Konstitutsiya oyligi doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslari o‘tkaziladi.
N.Abduraimova,
O‘zA